1.25 «Yovvoyi hayvonlar» belgisi

Bu belgi o‘rmon xo‘jaligi, qo‘riqxona va yovvoyi hayvonlar bo‘lishi mumkin bo‘lgan yo‘l qismlari oldida o‘rnatiladi. Ushbu belgi haydovchini yo‘lga yovvoyi hayvonlar chiqib qolishi ehtimoli borligidan ogohlantiradi. Belgi aholi yashaydigan joylarda 50 - 100 metr, aholi punktlaridan tashqarida esa, 150 - 300 metr masofada o‘rnatiladi.
1.25.2. "Pastlab uchuvchi qushlar"
Bu belgi aholi punktlarida xavfli joydan 50 — 100 metr, aholi punktlaridan tashqarida esa 150 — 300 metr oldin o‘rnatiladi va haydovchini pastlab uchuvchi qushlar bo‘lishi mumkin bo‘lgan hudud haqida ogohlantiradi. Zaruriyat bo‘lganda, bu belgi 7.1.1 qo‘shimcha axborot belgisida ko‘rsatilgan boshqa masofada ham o‘rnatilishi mumkin.
1.25.3 «Kemiruvchi va sudralib yuruvchi hayvonlar»
belgisi uchburchak shaklga ega. Qizil hoshiyali belgining oq fonida tipratikan surati tasvirlangan. Mazkur belgi haydovchilarni yo‘lda turli kemiruvchilar va sudralib yuruvchi hayvonlar chiqib qolish ehtimoli borligidan ogohlantiradi va alohida e’tibor bilan harakatlanishni tavsiya qiladi. «Kemiruvchi va sudralib yuruvchi hayvonlar» belgisi turli hayvonot olamini asrash va haydovchini mavjud xavf haqida ogohlantirish uchun ko‘proq o‘mon va to‘qaylar yaqinida, tog‘ va tog‘ oldi hududlarida va boshqa shu turdagi hayvonlar yo‘lga chiqib qolishi ehtimoli bor bo‘lgan joylar oldida o‘rnatilishi mumkin.
Belgi ta’sir oralig‘ida haydovchi tezlikni kamaytirishi va diqqat e’tiborni oshirishi zarur. Inson psixalogiyasi shundayki, haydovchi oldidan qandaydir kutilmagan to‘siq birdaniga paydo bo‘lib qolsa, undan qochishga harakat qiladi. Shunday vaziyatda haydovchi qarama – qarshi yo‘nalishga yoki yo‘l chetiga chiqib ketishi mumkin. 1.25.3 yo‘l belgisi haydovchidan aynan shunday kutilmagan holatlarga tayyor bo‘lib borishni talab qiladi.
1.25.3 belgisi, ko‘pgina ogohlantiruvchi belgilar kabi, aholi punktlarida 50 – 100 metr masofada va aholi punktlaridan tashqarida yo‘lning xavfli qismigacha 150 – 300 metr masofada o‘rnatiladi. Agar belgi boshqa masofada o‘rnatilishi kerak bo‘lsa, u 7.1.1 «Obyektgacha bo‘lgan masofa» belgisi bilan birga o‘rnatiladi.