1.22 «Velosiped yo’lkasi bilan kesishuv» belgisi

1.22 Velosiped yo’lkasi bilan kesishuv
YHQ boʻyicha raqami
1.22
Guruh
Ogohlantiruvchi belgilar

1.22. "Velosiped yo‘lkasi bilan kesishuv"

1.22 «Velosiped yo‘lkasi bilan kesishuv» belgisi qizil hoshiyali uchburchak shaklida bo‘lib, uning markazida, oq fonda qora rangli velosiped tasvirlangan.

«Velosiped yo‘lkasi bilan kesishuv» belgisi velosiped yo‘lkasi yo‘lning qatnov qismini kesib o‘tadigan joylar oldidan o‘rnatiladi va yo‘l harakati qatnashchilarini qatnov qismida kutilmaganda velosipedchi paydo bo‘lib qolishidan ogohlantiradi.

1.22 yo‘l belgisini ko‘rgan haydovchidan qandaydir aniq bir harakat talab qilinmaydi. Haydovchi, faqat zarurat paydo bo‘lganida tezlikni kamaytirishi va to‘xtashi shart. Velosiped yo‘lkasi yo‘lning qatnov qismi bilan kesishgan joylarda, odatda imtiyoz avtomobilda bo‘ladi, shuning uchun velosiped va moped haydovchilari yo‘l berishlari kerak. Biroq haydovchi hushyor bo‘lishi va har qanday vaqtda to‘xtashga tayyor bo‘lishi kerak.Bundan tashqari, velosiped yo‘lkasi yo‘lning qatnov qismi bilan kesishgan joylar svetofor orqali tartibga solinishi mumkin. Bunday vaziyatda haydovchilar, svetofor ishoralariga asosan harakatlanadilar.

Haydovchi, velosiped yo‘lkasi yo‘lning qatnov qismi bilan kesishgan joyga yaqinlashayotganligi to‘g‘risida «Velosiped yo‘lkasi bilan kesishuv» belgisi bilan ogohlantiriladi, yo‘lkaning o‘zi esa, 4.5 «Velosiped yo‘lkasi» yoki velosiped yo‘lkasini yoki velosiped harakatlanishi uchun mo‘ljallangan tasmani bildiruvchi 1.26 yo‘l chizig‘i bilan belgilanadi. Velosiped yo‘lkasi yo‘lning qatnov qismi bilan kesishgan joyga yo‘lning velosiped yo‘lkasi kesib o‘tgan joyini bildiruvchi 1.15 yo‘l chizig‘i chiziladi. 1.22 «Velosiped yo‘lkasi bilan kesishuv» belgisi ko‘pchilik ogohlantiruchi belgilar kabi, aholi punktlaridan tashqarida 150 – 300 metr, ahli punktlarida 50 – 100 metr oldin o‘rnatiladi. Agar belgini boshqa masofada o‘rnatish zaruriyati bo‘lsa 7.1.1 «Obyektgacha bo‘lgan masofa» qo‘shimcha axborot belgisi bilan birga qo‘llanilishi mumkin.

Shu guruhdagi boshqa belgilar