7.16 «Nam qoplama» belgisi

7.16 «Nam qoplama» belgisi qora hoshiyali to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda. To‘rtburchak markazida yomg‘ir yog‘ayotgan bulutning ramziy shakli tasvirlangan.
7.16 «Nam qoplama» tegishli belgilar bilan birga o‘rnatilganda, belgi ta’siri faqat yo‘l qoplamasi nam bo‘lgan holatlarda amal qilishini ko‘rsatadi. Bunday vaziyatda transport vositalari haydovchilari tezlikni kamaytirib, ehtiyot choralarini ko‘rgan holda harakatlanishlari kerak.
Yo‘lda suv qatlamining mavjudligi, haydovchidan quruq yo‘lga qaraganda ancha ehtiyotkor bo‘lib harakatlanishni talab qiladi. Qaysidir belgilarning 7.16 belgisi bilan birga qo‘llanilishi, o‘sha belgi faqat yo‘l qoplamasi nam bo‘lgan holatlarda amal qilishini bildiradi. Taqiqlovchi belgi va bu belgining birgalikda qo‘lanilishi haydovchining tezlikni tanlashini, quvib o‘tish istagini cheklaydi yoki ho‘l yoki nam yo‘llarda muayyan turdagi transport vositalarining harakatini butunlay taqiqlaydi. Ba’zi ogohlantiruvchi belgilari bilan birgalikda, ko‘pincha 1.15 «Sirpanchiq yo‘l» belgisi bilan, bu belgi haydovchilarni tegishli yo‘l qoplamasi haqida xabardor qiladi.